Arxivlangan fayl-bu faylning ixchamlangan, siqilgan
holati. Amalda fayllar bilan ishlashda, ya'ni fayllarni bir joydan ikkinchi
joyga ko`chirishda, nusxa olishda, saqlab qo`yishda, elektron pochta orqali
axborot yuborishda bunday fayllar bilan ishlash zarurati tug`iladi.
Avvalo arxivlash bilan bog`liq bo`lgan asosiy tushunchalarni kiritamiz,
keyin arxivlash uchun ko`p qo`llaniladigan asosiy arxivatorlar (arxivlovchi
programmalar) bilan tanishamiz.
Fayllarni arxivlash - fayllarni ma'lum bir qoida asosida siqilgan,
ixchamlangan holatda diskda saqlash demakdir. Arxivlash qattiq disk ishdan
chiqishi yoki faylning tasodifan o`chirilishi sodir bo`lgan hollarda joriy
faylni qayta tiklash uchun yordam beruvchi vosita sifatida ham qo`llaniladi.
Arxivlash BACKUP paket programmasi orqali ham (Win95 muhitida) amalga
oshiriladi. Bu programma haqidagi to`la ma'lumotlarni spravka bo`limidagi
«fayllarni arxivlash» kalit so`zli komanda orqali olish mumkin.
Umuman arxivlash - bu uzoq muddat saqlanuvchi fayllar, kam
qo`llaniladigan, eski xujjatlar, har xil materiallar, adabiy va ilmiy
maqolalar, rasm va boshqalarni saqlash uchun qo`llaniladi. Arxiv bir qancha
qismlardan iborat bo`lishi va unda har bir fayl alohida ko`rinishda saqlanishi
mumkin. Bunday arxiv fayllari ko`p tomli deb ataladi. Shunday arxivlardan katta
hajmli ma'lumotlarini qismlarga bo`lib disketalarga sig`adigan, qulay ko`rinishga keltirish uchun foydalanish
mumkin. Bunda har bir qism fayl ham arxiv fayli deb ataladi.
Arxiv hosil qilish jarayoni arxivlash (arxivatsiya) deyiladi. Siqilgan
faylni eski holiga qaytarish arxivlarni ochish (razarxivatsiya) deyiladi.
Arxivlashni fayllar guruhi, to`liq fayllar strukturasi bo`yicha yoki papkalar
bo`yicha ham qilish mumkin. Arxivlanuvchi fayllarda papkalar ko`p bo`lsa,
ularni oldin bitta papkaga yig`ib olish ishni osonlashtiradi. Elektron pochta va
Internet muhitida arxivlangan holdagi ma'lumotlarni almashish bir qator
qulayliklar yaratadi.
Arxivlash jarayonida ayrim fayllar juda yaxshi ixchamlanishi, ba'zi
hollarda arxivlash natijasida boshlang`ich fayl 10-20 baravar siqilishi ham
mumkin. Masalan, programma fayllariga nisbatan tekst va rasm fayllari ancha
yaxshi ixchamlanadi.
Hozirgi kunda har xil arxivatorlar bir-biridan siqish darajasi, tezligi,
foydalanishda qulayliklari, imkoniyat darajasi bo`yicha farq qiladi.
Foydalanuvchi har xil turdagi arxiv fayllarini kengaytmasi bo`yicha farqlaydi.
Siqish turi shu arxivning formati deyiladi.
Arxivlangan fayl arxivda qaysi fayllar borligini bildiruvchi sarlavhaga
ega bo`ladi. Arxiv sarlavhasida unda saqlanuvchi har bir fayl uchun quyidagi
ma'lumotlar saqlanadi:
- fayl nomi;
- fayl saqlanuvchi katalog haqida ma'lumot;
- faylning oxirgi marta qayta ishlangan sanasi va vaqti;
- faylning diskdagi va arxivdagi o`lchami;
- arxivning to`liqligini tekshirishda ishlatiladigan har bir faylning
siklik tekshirish kodi.
Arxiv fayllar ham oddiy fayllar kabi nomlanadi va maxsus kengaytirmaga
ega bo`ladi. Masalan, PKZIP/PKUNZIP programmalaring fayllari .ZIP, ARJ
programmasining fayllari .ARJ kengaytirmaga ega bo`ladi. Ko`p tomli
fayllar uchun esa arxivning davomi A01, A02 va hakazo kengaytirmalar
oladi.
ZIP-formatli arxiv imkoniyatliroq hisoblanadi. Bu turdagi
arxivlar PKZIP arxivatori bilan yaratiladi. Arxivni ochish uchun PKUNZIP
dan foydalaniladi (PKWARE-firmasi tomonidan yaratilgan). ZIP- formatli
arxiv boshqa formatli arxivlardan arxivlash jarayonining tez amalga oshirilishi
va yuqori darajada siqish imkonini berishi bilan ajralib turadi.
Hozirgi vaqtda ko`p qo`llaniladigan arxivatorlardan yana biri ARJ
hisoblanadi (R.Yangom tomonidan yaratilgan). Bu arxivator arxivlash uchun ham,
arxivdan chiqarish uchun ham hizmat qiladi.
Xuddi shuningdek, ZIP
va ARJlarga o`xshash formatlaydigan LHA (X.Yoshizaki) arxivatori
ham mavjud.
Yana ko`p qo`llaniladigan arxivatorlardan biri RAR (YE.Roshal)
hisoblanadi. Bu arxivator Norton Commander muhitida, foydalanuvchi interfeysi
yordamida amalga oshiriladi. Ammo bu arxivatordan EPda foydalanish ancha
noqulayliklar tug`diradi.
Endi ko`p qo`llaniladigan ZIP va ARJ
arxivatorlarini ko`rib chiqamiz.
Fayllarni arxivlash buyrug`ining umumiy ko`rinishi
quyidagicha bo`ladi:
PKZIP holat arxiv_nomi
[fayllar_nomlari]yoki
ARJ buyruq holat
arxiv_nomi [katalog [fayllar_nomlari].
Bu buyruqlarning parametrlari:
- buyruq parametri bitta harfdan iborat
bo`lib, u ARJ ning bajaradigan ishini ko`rsatadi. Masalan: A- arxivga fayllarni qo`shish, M - arxivga fayllarni ko`chirib
o`tkazish va h.z.
- holatparametri «-» yoki «/»
belgilari bilan boshlanib umumiy holda quyidagilarni bidirishi mumkin:
A (Add)-hamma
fayllarni arxivga qo`shish;
U (Update)-yangi fayllarni arxivga qo`shish;
F (Freshen)-arxivdagi mavjud fayllarning yangi turlarini arxivga qo`shish;
-arxiv_nomi - arxiv nomi (yoki to`liq
nomi) ko`rsatiladi. Agar ushbu fayl mavjud bo`lmasa u yangi tashkil etiladi;
- katalog - ARJ arxivatori uchun
fayllar joylashgan papka nomini bildiradi. Agar u berilmagan bo`lsa katalog
sifatida joriy papka olinadi;
- [fayllar_nomlari]-arxivlanuvchi fayllar
nomlari bo`lib, ular bo`sh joy (probel)lar bilan ajratilgan holda ko`rsatiladi.
Bunda * va ? belgilaridan ham foydalanish mumkin. Agar fayl nomi ko`rsatilmasa
joriy papkadagi fayllarning hammasi arxivlanadi.
Misollar.
Faraz qilamiz Kurs1 degan faylni PKZIP va ARJ
arxivatorlari yordamida arxivlamoqchimiz. Buni quyidagicha amalga oshiramiz
PKZIP - Kurslar Kurs1
ARJ A kurslar Kurs1
bu yerda Kurslar hosil qilinuvchi arxiv nomi.
Arxivni ochish uchun
PKUNZIP -Kurslar
ARJ E Kurslar
buyrug`i beriladi. ARJ programmasidagi YE buyrug`i
o`rniga X buyrug`i berilsa arxivdagi fayllar ochilib, mos kataloglarga
yoziladi.
Arxivdagi fayllar ro`yxatini ko`rish uchun
PKUNZIP -V Kurslar
ARJ L Kurslar
buyrug`idan foydalaniladi.
Bundan tashqari shu arxivatorlar yordamida arxivlanadigan
fayllarni himoyalash maqsadida parol o`rnatish imkoniyati ham mavjud bo`lib, u
quyidagicha amalga oshiriladi:
PKZIP Kurslar -sParol
ARJ A Kurslar -gParol
bu yerda -s va -g maxsus himoya belgilari va Parol
foydalanuvchi tomonidan kiritiladigan yashirin so`z. Parolli arxiv fayllarni
ochish vaqtida ham maxsus himoya belgilari-yashirin so`zlarni kiritish kerak
bo`ladi, aks holda arxiv ochilmaydi.
PKZIPvaARJ programmalari fayllarni avtomatik tarzda katta
tezlikda va optimal darajada siqish imkonini beradi. Agar maksimal darajada
siqish zarurati tug`ilganda holat parametrida mos ravishda -YEXva -JM holatlari beriladi.
Oxirgi yaratilgan arxivatorlar foydalanuvchi ishini yengillashtirgan
holda sodda ko`rinishda amalga oshirishga qaratilgan. Shulardan NC (Norton
Commander 7.0)da va ko`p qirrali Norton Navigator muhitida ham amalga
oshiruvchi arxivatorlar mavjud.
Foydalanuvchi interfeyslarini o`zida jamlagan, ko`p imkoniyatli WinZip
(Nico Vfr Computing kompaniyasi tomonidan yaratilgan) arxivatori Windows 95
muhitiga mo`ljallangan. Bu arxivator ishlash uchun qulay va yetarlicha
universal bo`lib, u har xil formatlar bilan baravariga ishlashni amalga
oshirish hamda shu kabi boshqa bir qator imkoniyatlarni ham yaratib beradi.
Norton Navigator muhitida Norton file Archive
Wizard boshqaruvchisi mavjud bo`lib, bu arxivator ZIP va LZH
formatli arxivlarni yaratadi. Uning yordamida bir tomli yoki ko`p tomli
arxivlar yaratish mumkin. Shuningdek o`zi ochiluvchi (kengayuvchi) kengaytmasi EXE
bo`lgan arxivlar ham yaratiladi.