"Informatsiya"
so'zi turli tillarda ishlatilib, ma'nosi turlicha talqin qilinsa ham ularning
asosida lotincha informatio so'zi yotadi. U «ma'lumot», «tushuntirish»,
«tavsiflash» degan ma'noni anglatadi. O'zbek tilida informatsiya so'zi axborot
deb tushuniladi.
XX asrning 50-yilIarida
yangi fan - informatikaga asos solindi. Informatika termini (fransuzcha: informatique) fransuzcha information (axborot) va automatique (avtomatika) so'zlari negizida
hosil bo'lgan. Uning tarjimasi "axborotli avtomatika" degan ma'noni
bildiradi.
Bu terminning inglizcha
varianti ham bor bo'lib, u "Computer
science", ya'ni "kompyuter
ilmi" deb ataladi.
Informatika kompyuter
texnikasini qo'llashga asoslanib inson faoliyatining turli sohalarida
axborotlarni izlash, to 'plash, saqlash, qayta ishlash va undan foydalanish
masalalari bilan shug’ullanuvchi fandir.
Qisqa qilib aytganda,
informatika kompyuter texnikasi asosida axborotlar ustida bajariladigan amallar
va ularni qo'llash usullarini o'rganadigan fandir. Demak, informatika uchun
asosiy ashyo axborot bo'lib, u asos tushunchadir.
Informatika fanini
kompyutersiz tasavvur qilib bo'lmagani uchun sizga tanish bo'lgan quyidagi ikki
qism birgalikda qaraladi:
IX-X asrlarda Forobiy taxallusi bilan yashab ijod etgan yurtdoshimiz Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug' Tarxon bilish jarayonini ikki bosqich -
aqliy
bilish va hissiy bilishdan
iborat
bo'lib, ular o'zaro bog'liq, lekin biri boshqasisiz vujudga kelmasligini alohida ta'kidlaydi. Bilishning mazkur bosqichlari axborotsiz shakllanmaydi
va demak, axborot bilishning asosini tashkil etuvchi element hisoblanadi.
Forobiy "Ilm va san'atning fazilatlari" risolasida tabiatni
bilish jarayoni cheksizligini, bilim bilmaslikdan bilishga, sababni bilishdan
oqibatni bilishga, sifatlardan mohiyatga qarab borishini va buning asosida,
ilmning borgan sari ortib. chuqurlashib borishini ta'kidlaydi.
Allomaning aytishicha,
odamning ibtidosida avvalo "oziqlanish talabi" paydo bo'lib, unga
ko'ra odam ovqatlanadi. Shundan so'nggi talablar "tashqi talablar"
bo'lib, ular bevosita tashqi ta'sir natijasida sezgi a'zolari orqali vujudga
keladi. Mazkur "tashqi talablar" 5 turlidir: teri-badan sezgisi; ta'm
bilish sezgisi; hid bilish sezgisi; eshitish sezgisi; ko'rish sezgisi.
Axborot turli sohalarda
turlicha tushunib kelinadi. Masalan, dehqon uchun axborot - ertangi ob-havo,
yerning ozuqa bilan to'yinganligi yoki yetishtirilgan mahsulotning bozordagi
narxi; tibbiyot xodimlari uchun - bemorning kasallik tashxisi, dori-darmonlar;
muhandislar uchun - texnika va texnologiyalar; o'quvchi uchun - fanlardan
olayotgan ma'lumotlari. Boshqa sohalarda ham o'z sohalari bilan bog'liq bo'lgan
ma'lumotlarni axborot sifatida qabul qiladilar. Demak, inson doimo axborot
bilan ish ko'rib kelgan.
Axborot nazariyasi
asoschilaridan bin amerikalik Klod Shennon axborotni narsa haqidagi
bilimlarimizdagi noaniqlikni bartaraf etilishi kabi e'tirof etadi. Kibernetika
fanining asoschisi Norbert Viner axborotni bizni va sezgilarimizni tashqi
olamga moslashuvimizdagi mazmunni ifodalash deb qaraydi.
Axborotga olimlar tomonidan
yuqoridagi kabi ta'rif berishga urinishlar ko'p bo'lgan. Lekin, axborot
tushunchasiga har tomonlama ilmiy asoslangan ta'rif berish mumkin emas. Chunki,
axborot informatikaning asos tushunchasi bo'lib, yuqoridagi misollardan
ko'rinadiki, u juda ko'p ma'noni o'z ichiga oladi.
Axborot haqida tushunchaga
ega bo'lish uchun hayotingizdagi bir misolni esga olaylik. Go'daklik
vaqtingizda "muzqaymoq" so'zi sizga faqatgina "mazali
shirinlik" ma'nosini anglatardi. Uni boshqa shirinliklar ichidan nomi,
ko'rinishi, ta'mi, hidi yoki sovuqligidan ajratib olardingiz. Maktab
yoshingizda "muzqaymoq'' so'zi "shakar, qaymoq, kakao yoki kofe,
suyuqlikning boshqa agregat holati, temperatura, tomoq og'rig'i, angina, vrach,
LOR, ishlab chiqaruvchi davlatlar" kabi o'zaro bog'langan modda va
tushunchalar hamda muzqaymoqni tayyorlash usullari bilan bogliq ma'lumotlar
bilan to'ldi. Keyinchalik esa "muzqaymoq" molekula va atomlardan
iboratligi haqida ma'lumot oldingiz. Lekin bu hali ''muzqaymoq" haqidagi
to'liq ma'lumot emasligini, vaqti kelib bu so'z yana boshqa ma'lumotlar bilan
to'lishini tushunish qiyin emas. Demak, inson yillar davomida hayotdan
ma'lumotlar olar ekan, birini ikkinchisi bilan bog'lab to'ldirib boradi.
Yuqoridagi misol va alloma
Forobiy fikrlaridan kelib chiqib axborotni qanday tushunish mumkin degan
savolga quyidagicha javob berish mumkin:
AXBOROT deganda biz barcha
sezgi a 'zolarimiz orqali borliqning ongimizdagi aksini yoki ta'sirini,
bog'liqlik darajasini tushunamiz.
Demak, axborot borliqdagi
narsa yoki jarayonlarning holatlari, xossalari va boshqa xususiyatlari haqidagi
ma'lumotlarning turli vositalar va sezgi a'zolarimiz orqali bizga yetib kelishi
va ongimizga ta'siri hamda bu ma'lumotlarning ongimizda boshqa ma'lumotlar
bilan bog'lanishi ekan. Demak, inson borliqning bir qismi bo'lgani uchun, u
o'zi haqida ham (og'riq, isib ketish, charchash va hokazo) ma’lumot oladi.
Yana bir yodingizdan
chiqmaydigan misol: endi yura boshlaganingizda "issiq" so'zini
bilmasangiz ham (bu so'z sizga "jiz" so'zi bilan tanish) bir marta
qaynoq choynakni ushlab olib issiqlik haqida ma'lumot olgansiz, keyinchalik shu
so'zni choynakning, taomning va boshqa narsalarning (olov, quyosh nuri va
hokazo) issiqligi bilan bog'lay olgansiz. Issiqlikning qanday olinishini
bilgach uni ham shu so'z bilan bog’ladingiz. Fizika fanini o'qiganingizdan
keyin "issiq" so'zini molekulalar harakati bilan bog'laysiz. Bu hali
"issiq" degan so'z bilan bog'langan ma'lumotlarning hammasi
emasligini tushungan bo'lsangiz kerak. Demak. hozirgacha olgan barcha
ma'lumotlaringiz axborot bo'lib, axborotlar bog'langach esa bilimni tashkil
etar ekan.