Axborotli olam muammolari va internet
Hamma Internet haqida
eshitgan va undan foydalanishni xohlaydi. Ma'lumki, Internet axborotni soniyalar
ichida uzoq masofalarga uzatish imkonini beradi. Shuning uchun bu darsda
Internetni kelib chiqishi, uning tarkibi, unda axborot qanday qoidalar asosida
uzatilishi va qabul qilinishi haqida ma'lumot beriladi.
Internet tarixi
O'zgarib va rivojlanib
turuvchi olam yoki jamiyat haqida turli xil ko'rinishdagi katta hajmli
axborotlar dunyoning deyarli hamma mamlakatlarida yig'ilib bormoqda. Bu
ma'lumotlardan foydalanish zamonaviy axborot texnologiyasi vositalarisiz katta
mablag' va vaqt talab etadi. Bunday muammolar Internet (Xalqaro informatsion
tarmoq) ning tashkil etilishi bilan hal etildi.
Internet "sovuq urush" mahsuli hisoblanadi.
Uni yaratilishiga yadro zarbalaridan qisman zararlanganda ham ishlay olishga
mo'ljallangan tajribaviy aloqa sistemasi sifatida XX asrmng 70-yillari
boshlarida AQSH Mudofaa Vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ARPANet aloqa
tarmog'i asos bo'lgan. ARPANet - buzilgan aloqa bo'g'inlarni avtomatik ravishda
aylanib o'tishga va tarmoqdagi kompyuterlarning ma'lumot almashishiga imkon
yaratuvchi kommunikatsiyalar paketidir.
ARPANet tarmog'i birinchi
marta ishga tushirilganda 4 ta kompyuter orasida maxsus kabel orqali bor-yo'g'i
2 minut davomida axborot almashinilgan. Avvaliga bu tarmoq maxfiy hisoblangan.
Keyinchalik, modem va telefon tarmog'i orqali axborot almashish imkoniyati
yuzaga kelgandan so’ng bu tarmoqqa turli korxona va tashkilotlar ulanib olgan.
Shu tariqa bu tarmoq Internet tarmog'iga aylangan. Internet tarmog'i biror
tashkilotga bo'ysunmaydi, lekin davlatlar, ilmiy va ta'lim tashkilotlari,
kommersiya strukturasi va millionlab xususiy shaxslar tomonidan
moliyalashtiriladi. Tarmoq taklif etilgan ko'ngillilar tomonidan tashkil
etilgan "Internet arxitekturasi bo'yicha kengash" tomonidan
boshqariladi.
Internet va WWW
Internet - dunyo bo'ylab
joylashgan va yagona tarmoqqa birlashtirilgan minglab kompyuter tarmoqlarining
majmuidir. Internetda axborot almashish standart qoidalar asosida amalga
oshiriladi. Internetdagi ma'lumotlarni uzatish qoidalari protokollar (masalan,
TCP/IP -TRANSMISSON CONTROL PROTOKOL/INTERNET PROTOKOL) deb ataladi.
TCP/IP protokolining
axborotni uzatish usuli quyidagicha:
TCP protokoli axborotni
paketlarga ajratadi; IP protokoli orqali barcha paketlar qabul qiluvchiga
uzatiladi va TCP protokoli tomonidan barcha paketlarning qabul qilinganligi
tekshiriladi; barcha paketlar qabul qilingandan keyin TCP protokoli ularni
tartibga soladi va yaxlit ko'rinishga keltiradi.
Kompyuterlarning axborotlarni
telefon tarmoqlari orqali yubora olishiga imkon beruvchi modem deb ataluvchi
qurilmaning yaratilishi (1979-yil Nayes kompaniyasi) va rivojlanishi sababli
faqatgina shaxsiy kompyuteri va telefoni bor millionlab kishilar tarmoqning
maxsus qurilmalarisiz ham Internetdan foydalana olish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Hozirgi kunda Internet dunyo
bozorini o'rganishda va savdo-sotiq ishlarini tashkil etishda zamonaviy
biznesning eng muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Internet o'zaro
aloqa bog'lash yoki ma'lumotlar almashish tarmog'i bo'libgina qolmasdan, unda
mavjud bo'lgan ma'lumotlar ombori majmui dunyo bilimlar omborini tashkil etadi.
Intemetning kompyuterlar bilan bog'liq bo'lgan narsalardan muhim farqi
shundaki, u o'zi haqidagi ma'lumotlarni ham o'zida saqlay olishidir.
1992-93-yillarda axborot
texnologiyasining rivojlanishi sababli tasviriy va tovushli axborotlarni olis
masofalardan qisqa vaqtda uzatishning shunday imkoniyati yaratilganki, u World
Wide Web deb nomlangan.
World Wide Web ning
yaratilishiga 1989-yil Shvetsariyadagi Yevropa Yadroviy Tadqiqotlar
Kengashining loyihasi asos bo'ldi. Bu loyihaning maqsadi Internetda axborot
tarqatishning samarali usullarini izlash va uning oqibatlarini kuzatishdan
iborat edi. Hozirgi kunda World Wide Web Internetning eng tez rivojlanayotgan
sohalaridan biri bo'lib qoldi.
Internet deganda ko'pchilik
World Wide Web (qisqacha Web yoki WWW) ni tushunadi. Aslida World Wide Web Internetning
bir qismi bo'lib, xalqaro o'rgimchak to'ri ma'nosini anglatadi. World Wide Web multimedia
(multimedia - rasm va matnli axborotni tovushli va harakatdagi shakllardan
iborat axborot bilan birlashtirish texnologiyasi) imkoniyatlariga ega bo’lgani
uchun foydalanuvchilar e'tiborini juda tez qozondi.
WWW tarkibi
WWWda axborot maxsus
sahifalarda, ya'ni Web-sahifalarda joylashadi. Web-sahifaga matn, rasm, tovush,
videotasvir va hokazo ko'rinishdagi axborotlarni joylashtirish mumkin. Bu esa o’z
navbatida reklama, tijorat, ta'lim va boshqa ko'pgina soha vakillariga beqiyos
imkoniyatlar ochib berdi. Masalan, juda ko'p kinostudiyalar o'z mahsulotlarini
reklama qilish uchun Web-sahifalar yaratishadi. Mazkur Web-sahifalarda asosan
yangi filmlar haqidagi ma'lumotlar bilan birga shu filmlardan 1-2 daqiqali
parchalar aks ettiriladi. WWW yaratilgunga qadar bunday imkoniyat faqat
kinoteatrlar yoki televideniye orqaligina mavjud edi.
Kinoteatr va televideniye
orqali namoyishlar belgilangan vaqtga bog'liq bo'lsa, WWW dan xohlagan kishi
istalgan vaqtda yangi filmlar haqida to'liq ma'lumot olishi mumkin.
WWWning ommalashishiga yana
bir omil gipermatndir. Gipermatn Web-sahifaning biror qismiga yoki boshqa
Web-sahifaga bog'hqligini ko'rsatuvchi ilova bo'lib, u so'z yoki rasm bo'lishi
mumkin. Gipermatn yordamida Web-sahifaning kerakli qismiga yoki boshqa
Web-sahifaga tez va oson o'tiladi, bu hol kerakli qism yoki Web-sahifaga
gipermurojaat deb ataladi.
Bitta tashkilot yoki xususiy
shaxsga tegishli va mazmuniga ko'ra o'zaro bog'langan bir nechta Web-sahifalar
majmui Web-sayt deyiladi. Web-saytni kitobga, Web-sahifani esa kitobning
sahifasiga o'xshatish mumkin. Web-saytdagi Web-sahifalar o'zaro gipermatn
yordamida bog'lanadi.Web-saytlar ham, Web-sahifalar ham Web-server deb
ataluvchi Internetga ulangan maxsus kompyuterlarda saqlanadi va o'z adresiga
ega bo'ladi. Bu adres URL deb ataladi. URL hamisha http:// yozuvidan boshlanadi
(http - Hyper Text Transfer Protocol). So'ngra Web-sahifa joylashgan tarmoq
(provayder) adresi (masalan, www.uzsci.net), keyin Web-sahifa nomi (masalan, ~rtm) yoziladi.
Provayderlar (ingliz. provide - imkon berish, ta'minlash) - Internetning ba'zi
qismlaridan foydalanishga imkon beruvchi va foydalanuvchilarga turli xizmatlarni
ko'rsatuvchi firmalardir. Shunday qilib, misolda keltirilgan Web-sahifaning
Internetdagi adresi
http://www.uzsci.net/~rtm
ko'rinishida bo'ladi.