Darsni kuzatish va uning tahlili - Mening fayllarim - Fayllar katalogi - Персональный сайт учителя информатики
Shanba, 10.12.2016, 13:46
Assalomu alaykum saytimiz mehmonlari!

SehriyoInf.Ucoz.RU

Sayt menyulari
Bo'limlar ro'yhati
Mini chat
300
So'rovnoma
Microsoft Office dasturlaridan qaysilarini yaxshi bilasiz?
Barcha javoblar: 387
Statistika

Barcha online: 1
Mehmon: 1
Foydalanuvchilar: 0

Fayllar katalogi

Bosh sahifa » Fayllar » Mening fayllarim

Darsni kuzatish va uning tahlili
06.05.2011, 12:29

Darsni kuzatish va uning tahlili.

        Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o‘quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faoliyati, o‘quv fanga bo‘lgan qiziqishi, diqqat bilan ishlashi, matn, xarita, jadval, asboblar bilan mustaqil ishlay bilishi, o‘qituvchiga bo‘lgan munosabati aniqlanadi. Shu bilan birga o‘qituvchining faoliyati ham tahlil qilinadi. Chunonchi, o‘qituvchining o‘quv dasturi materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy fikrni ajratib olishi, ilmiylik va soddalik, ko‘rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, dars maqsadini to‘g‘ri qo‘yishi, dars jarayonni to‘g‘ri rejalashtirishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishni nazorat etish, o‘quvchilar bilan yakka va jamoada ishlashni tashkil eta bilishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muamala madaniyatini egallaganlik darajasi, kabi jihatlar inobatga olinadi.

        O‘qituvchinig darsini bir necha marta kuzatish va tahlil qilish uning pedagogik mahorati, ish tizimi, o‘quvchilarining o‘zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish imkonini beradi.

        Ta’kidlash joizki, umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchilarining darslarini tahlil qilishda ko‘pincha kuzatuvchilar darsga yaxlit tizim sifatida qaramay ko‘proq tashqi jihatlariga baho beradilar, darsning mazmun-mohiyati xususida yuzaki muloxaza yuritadilar. Shuningdek, dars tahlilida o‘qituvchining ko‘rsatmali quroldan foydalanishi, didaktik kartochkalar bilan ishlashi va hokazolar aytiladi-yu, ammo ulardan nima maqsadda, qaysi vaziyatda foydalanilgani, qanchalik samara berganligi, vaqt taqsimotiga to‘g‘ri amal qilinganligi, o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan olmaganligi kabi masalalar to‘g‘risida fikr yuritilmaydi. Bundan tashqari yana bir jiddiy kamchilik o‘qituvchining o‘zini o‘zi tahlil qilishga e’tibor qaratmaslikdir.               O‘zini-o‘zi tahlil qilish tamoyili o‘qituvchining o‘z faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarini aniqlash va bartaraf etishga oid maqsadli yo‘lni belgilab olishiga asos bo‘ladi. 

        O‘qituvchilar aksariyat hollarda dars jarayonida quyidagi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yadilar. Jumladan:

  • Dars maqsadi bilan o‘quvchilarni tanishtirmaslik;
  • Interfaol metodlardan samarasiz foydalanish;
  • Dars jarayonida barcha o‘quvchilarning ishtirokini ta’minlay olmaslik;
  • O‘quvchilar bilan yakka va jamoa tartibda ishlashga erisha olmaslik;
  • O‘quvchilarning mustaqil ishlashini ta’minlamaslik.
  • O‘quvchilar bajargan ishlarini vaqtida baholamaslik;
  • O‘kituvchi nutqining ravon ta’sirchan emasligi;
  • Mavzuni amaliyot bilan bog‘lab tushuntirmaslik;
  • Mavzuni ilmiy va amaliy nuqtai nazardan tushuntirishga e’tibor bermaslik;
  • Sinf doskasi, darslik, o‘quvchi daftari, qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanishning tizimli yo‘lga quyilmaganligi;
  • O‘quvchilarga beriladigan savollarning muammoli tarzda tuzilmaganligi kabilar.

        Darslar aniq maqsad asosida kuzatilishi va tahlil qilish lozim. Shundagina natijasi samarali bo‘ladi va o‘quv jarayoni yuzasidan aniq xulosa chiqarishga yordam beradi. Dars tahlilida tizimsizlik, aniq bir maqsadning yo‘qligi, darsga tasodifan qatnashish, darsni chuqur tahlil qila olmaslik, o‘kituvchiga amaliy yordam ko‘rsata olmaslik esa darslar sifatining va saviyasining pasayib ketishiga olib keladi.

        Darslarni tahlil qilish faqatgina metodik ahamiyatga ega bo‘lmay, balki maktabda o‘quv-tarbiya jarayoniga rahbarlik va nazoratning muhim shakllaridan biridir. O‘qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish amaliyotining tizimli amalga oshirilishi darslarni qiyoslash va yo‘l qo‘yilgan xatolarning bartaraf etilganligini aniqlash imkoniyatini beradi. O‘qituvchilarning o‘zaro dars kuzatishi tajriba almashinuv jarayoni bo‘lib, dars o‘tayotgan o‘qituvchi bor mahoratini ishga solib, yuqori ishchanlik bilan faoliyat ko‘rsatsa, tahlil qiluvchi o‘qituvchi esa taklif va mulohazalar berish orqali tajribasini boyitadi, metodik malakasini oshiradi.

        Dars tahlili o‘quv mashg‘ulotini kuzatish, o‘rganish shaklida olib boriladi. Щu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘qituvchining darsi kim tomonidan kuzatilishi lozim? Qanday maqsad Bilan kuzatiladi va tahlil qilinadi? O‘qituvchining darsi viloyat XTB, tuman, xalq ta’limi bo‘limi, ta’lim muassasalari rahbarlari, xodimlari, metodistlar va o‘qituvchilar tomonida kuzatiladi va tahlil qilinadi.

        Buning uchun eng avvalo, darsga kirishdan maqsad nimadan iborat ekanligini aniqlab olish zarur. Dars quyidagi maqsadda kuzatiladi va tahlil qilinadi:

  • ta’lim va tarbiya jarayoni sifatini aniqlash;
  • o‘qituvchining pedagogik mahoratini oshirishga yordam berish;.
  • ilg‘or ish usullari va metodlarini o‘rganish va ommalashtirish;.
  • o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi;
  • o‘quvchilarning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash;
  • ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
  • o‘quvchilarning bilish faoliyatini o‘rganish;
  • dars jarayonida yuzaga kelashi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish o‘qituvchiga amaliy va metodik yordam ko‘rsatish;
  • ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilar psixologik xususiyatlarinng
  • tomonlarida o‘ziga xosligini e’tiborga oliish;
  • darsda o‘quvchilarni faollashtirish va mavzuni o‘zlashtirishlari e’tiborga olinganligi.

        Dars o‘quv jarayonining juda ko‘p ta’lim-tarbiya qirralarini hal qiluvchi asos hisoblanadi. Shunga ko‘ra darsga kuzatuvchi va tahlil qiliuvchilardan maxsus tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi.

        Darsni tahlil qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.

  1. Darsni kuzatishga tayyorgarlik
  2. Darsning borishini kuzatish
  3. O‘z-o‘zini tahlil qilishni ta’minlash
  4. Dars tahlili va takliflar berish

        Darsni tahlil qilishda quyidagilarga e’tibor qaratishni tavsiya etamiz.
        1. Darsni kuzatishdan oldingi tayyorgarlik.

  • dars kuzatishdan ko‘zlanayotgan maqsad va vazifalarni shakllantirish;
  • kuzatiladigan darsni aniq belgilab olish;
  • dars kuzatish tuzilmasini tayyorlash;
  • kerakli materiallarni tayyorlash; o‘qituvchi bilan suhbatlashish.

        2. Darsning maqsadlarini tahlil qilishda:

  • o‘quv fani va mavzuning xos tomonlari, o‘quvchilar yoshi va bilim darajasi e’tiborga olingan holda ta’lim-tarbiya maqsadining to‘g‘ri va asosli qo‘yilganligi;
  • o‘quvchilarning tayyorgarligi, o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha darslar tizimidagi aynan shu darsning o‘rnini hisobga olgan holda maqsad qo‘yilishining to‘g‘riligi va asoslanganligi;
  • dars asosiy g‘oyasining to‘g‘ri quyilishi va o‘quvchilarga maqsadning yetkazishlishi, maqsadga erishish darajasi.

        3. Dars tuzilmasi va darsning tashkil qilinishini tahlil qilishda:

  • dars tuzilmasining dars maqsadlariga mosligi;.
  • darsning turi, strukturasining puxta o‘ylanganligi;
  • darsning bosqichlarining mantiqiy ketma- ketliligi va bir- biri bilan bog‘liqligi;
  • dars bosqichlari uchun vaqtning to‘g‘ri taqsimlanganligi;
  • o‘qitish shakllarining to‘g‘ri tanlanganligi;
  • dars rejasining mavjudligi va uning o‘qituvchi tomonidan bajarilishini tashkil qilish;
  • dars jihozlari. O‘qituvchi va o‘quvchilarning mehnatini unumli tashkil qilish.

        4. Dars mazmunini taxlil qilishda.

  • dars mazmunining Davlat ta’lim standarti talablariga mosligi;
  • materiallarning ishonchliligi, to‘liqligi, tushunarliligi;
  • bayon qilinayotgan materiallning ilmiy darajasi;
  • darsning tarbiyaviy yo‘nalishi, ta’limiy ta’sir darajasi;
  • darsni hayot, mehnat tarbiyasi va kasbga yo‘naltirish bilan bog‘lash;
  • o‘quvchilar tomonidan yangi bilimlarni qabul qilishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish;
  • yangi materiallning asosiy g‘oyasini ajratish. Yangi tushunchalarni shakllantirish. Tayanch bilimlarning muhimligini ko‘rsatish.

        5. O‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil qilish.

  • Mashq va topshiriqlarning xususiyatlari, mustaqil ishlarning turlari, murakkablik darajasi, o‘quvchilar tayyorgarlik darajasining hisobga olinganligi;
  • o‘qituvchi tomonidan tushuntirish ishlarining olib borilishi;
  • o‘qituvchining yordami. Yangi materialning o‘zlashtirilganlik darajasi;
  • yangi mavzuning oldingi mavzular bilan bog‘langanligi. Takrorlash (tashkil qilish, shakllari, usullari, hajmi).

        6. Dasr o‘tish metodikasini tahlil qilish.

        O‘qitishning metod, vosita va usullarini tanlashda o‘quv materialining mazmuniga, dars maqsadlariga, sinfning imkoniyatlariga mos tanlanganligi va asoslanganligi. O‘qituvchi tomonidan darsning har bir bosqichida metod, usullarni to‘g‘ri qo‘llaganligi, ishlatilayotgan metod va usullarning xilma- xilligi. Ko‘rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, texnika vositalaridan samarali foydalanilganligi. O‘qituvchining metodik qurollanganligini va pedagogik texnikasini baholash.

        7. O‘quvchilarning darsdagi intizomi va ish faoliyatini tahlil qilish.

        Sinfga umumiy baho berish. Sinfning diqqati va faolligi. Fanga bo‘lgan qiziqishi. O‘quvchilarning dars bosqichlaridagi layoqati.

        O‘quvchilarning mustaqil o‘quv faoliyatini tashkil qilish. O‘quv faoliyati shakllaridan foydalanishning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash. Umumta’lim va maxsus ko‘nikma va malakalarni shakllantirish. Yagona talablarning bajarilishi. Iqtidorli va qoloq o‘quvchilar bilan yakka tartibda ishlash. Umumiy va yakka ishlash faoliyatni birgalikda olib borish. Sinfning intizomi va intizomni saqlash usullari.

        8. O‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqati. Pedagogik etikasi , nutqi, ahloqiy va psixolagik iqlimning tashkil etilishi.

        9. O‘quvchilar bilimini baholash.

        O‘quvchilarga berilgan bilim ko‘nikma va malakaning sifati. Mustahkam va chuqur bilim berilishi.G‘oya va materiallarning asosi tomonlarini ko‘rsata olishi, amaliy ko‘nikmalarning egallaganlik darajasi.

Tekshirish turlari. Baholarning jamlanganligi.

        10. Uy vazifasini tahlil kilish. Uy vazifasini berishdan maqsad va hajmi. Sinfda bajarilgan ish bilan uyga berilgan vazifaning hajmi. Uyga berilgan vazifaning xususiyati (ijodiy, takrorlash, mustahkamlash, rivojlantirish), uy vazifasini berishda o‘qituvchining izohi.

        Dars tahlili quyidagicha bayon etiladi.

Sana: _______________________________________________

O‘qituvchi: ___________________________________________

Fan: ________________________________________________

Sinf: ________________________________________________

Kuzatishdan maqsad: ___________________________________

____________________________________________________


Dars bosqichlari

O‘qituvchi faoliyati

O‘quvchi faoliyati

Tushuntirish va fikr-mulohaza bildirish

        O‘z-o‘zini tahlil qilishda o‘qituvchiga quyidagi savollar bilan murojaat qilish mumkin:
1. Qanday talab asosida darsga rahbarlik qilindi?
2. O‘quvchilarning o‘ziga xos xususiyatlar qanday hisobga olindi?
3. O‘quvchilar faoliyatini rejalashtirishda nimalar inobatga olindi?
4. Mavzu bo‘yicha materiallar to‘g‘ri tanlanganmi?
5. Tanlangan metodlar o‘z natijasini berdimi, bermagan bo‘lsa sababi?
6. O‘quvchilarning bilimlarini oshirishda imkoniyat yaratilganligi?
7. O‘quvchilar mustaqil ishlashlarining pedagogik qimmati.
8. O‘quvchilarning intizomi, axloqiy tarbiya berishning shakllantirilishi.
9. Qanday qiyinchilik kukzatildi? Uni yengish yo‘llari, kelib chiqish sababi.
10. Maqsadga erishilganligini asoslash, erishilmagan bo‘lsa sababi?

        Darsning natijasiga baho.
        Darsni takomillashtirish bo‘yicha takliflari.
        Xulosa qilib aytganda, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qituvchilarning kasbiy malakasini, mahoratini oshirishda amaliy-metodik yordam berishning eng samarali usullaridan biri o‘qituvchining darsini kuzatish va unga beriladigan tavsiya hisoblanadi. O‘qituvchilarning darsini kuzatish va uni tahlil qilishning asosiy maqsadi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga, maktabning ta’lim-tarbiya ishlarini yanada takomillashtirishga, o‘qituvchilarning ma’suliyatini oshirishga qaratilmog‘i lozim.

Kategoriya: Mening fayllarim | Qo'shdi: Zorro
Ko'rildi: 2261 | Ko'chirilgan: 0 | Reyting: 3.0/4
Barcha izohlar: 0
Ism *:
E-mail:
Kod *:
Sayt muallifi
Saytdan qidirish
Ob-havo ma'lumoti
Ob-havo
Block title
Block title
O'zbek bayramlari

Koson 2016